Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Kasbiy psixologiya va boshqaruv faoliyati kafedrasi tashabbusi bilan “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasi samaradorligini oshirishda huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining psixologik tayyorgarligi” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi, Ichki ishlar akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti hamda Ichki ishlar organlari markaziy apparati vakillari ishtirok etdilar.
Davra suhbati davomida huquqni muhofaza qilish sohasida zamonaviy kadrlarni tayyorlashda nokasbiy ko‘nikmalar (soft skills)ni baholash va rivojlantirishning ilg‘or usullari, “Yuridik psixologiya” ilmiy-amaliy jurnalini ta’sis etish bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, shuningdek rahbar kadrlar kompetensiyalarini baholash va Assessment markazi texnologiyasini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Muhokamalar davomida kasbiy kompetensiyalarni ilmiy asosda baholash, psixologik diagnostika vositalarini qo‘llash va tashkilotlararo hamkorlikni kuchaytirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunida muassasalar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish va psixologik tayyorgarlikni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.