Akademiyada ISO 37001 standarti asosida korrupsiyaga qarshi tizim joriy etilmoqda

Akademiyada ISO 37001 standarti asosida korrupsiyaga qarshi tizim joriy etilmoqda


Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tarkibiy tarmoqlar rahbarlari hamda mas’ul xodimlar uchun “CERT Academy” tashkiloti eksperti ishtirokida ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha maxsus trening o‘tkazildi.

Mazkur tadbir Akademiya faoliyatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tizimli ravishda aniqlash, baholash va bartaraf etish mexanizmlarini xalqaro talablar asosida takomillashtirish, shaffoflik va hisobdorlikni kuchaytirish, shuningdek institutsional darajada korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali ichki nazorat tizimini shakllantirish maqsadida tashkil etildi.

Trening davomida ishtirokchilar ISO 37001:2025 standartining asosiy prinsiplari, korrupsiyaga qarshi siyosatni ishlab chiqish va joriy etish tartibi, korrupsiyaviy xavflarni baholash metodologiyasi, “due diligence” (ishonchli tekshiruv) mexanizmlari, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish, ichki nazorat va monitoring jarayonlarini tashkil etish, shuningdek hujjatlashtirish va hisobot berish talablari bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarni mustahkamladilar.

Trening yakunlari bo‘yicha Akademiyaning 20 nafar xodimi ISO 37001 xalqaro standarti asosida “ichki auditor” maqomini qo‘lga kiritdi. Ushbu maqom ularga korrupsiyaga qarshi menejment tizimining samaradorligini mustaqil baholash, ichki audit tadbirlarini o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda tegishli takliflar ishlab chiqish imkoniyatini beradi.

Mazkur tashabbus Akademiyada korrupsiyaga qarshi komplayens madaniyatini shakllantirish, boshqaruv sifatini oshirish va institutsional barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, u davlat organlarida korrupsiyaga qarshi samarali tizimlarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or amaliyotni shakllantirishga zamin yaratadi.