Raqamli kriminalistika amaliyotda: prokuratura tergovchilari uchun innovatsion jamlanma taqdim etildi

Raqamli kriminalistika amaliyotda: prokuratura tergovchilari uchun innovatsion jamlanma taqdim etildi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yilning 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi raqamli dalillarni protsessual tartibda yig‘ish, mustahkamlash va rasmiylashtirish metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda.

Mazkur ishlar natijasi sifatida Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan maxsus jamlanma O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga taqdim etildi. Jamlanma tarkibiga kiritilgan zamonaviy raqamli kriminalistika texnik vositalari namoyish etildi hamda ularning surishtiruvchilar, tergovchilar va prokurorlar tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritish jarayonida raqamli dalillarni tezkor va ishonchli aniqlash, qayd etish hamda protsessual jihatdan rasmiylashtirishdagi amaliy ahamiyati ko‘rsatib berildi.

Shuningdek, Akademiyaning Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan Toshkent shahri Olmazor tumani prokuraturasi tergovchilari bilan o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg‘ulotlar davomida tergovchilar maxsus jamlanma tarkibidagi texnik vositalardan foydalanish tartibi va usullarini o‘zlashtirdilar, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi talablariga to‘liq muvofiq holda raqamli dalillarni yig‘ish, hujjatlashtirish va protsessual jihatdan rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

Amalga oshirilayotgan mazkur tadbirlar tergov organlari xodimlarini raqamli kriminalistika sohasidagi ilg‘or texnologiyalar bilan ta’minlashga, ularning kasbiy kompetensiyalarini yangi bosqichga olib chiqishga hamda jinoyat ishlari bo‘yicha ishonchli isbot bazasini shakllantirish orqali tergov jarayonida qonuniylik va obyektivlik prinsiplariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga xizmat qiladi.