O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasining “Tergov faoliyati” bakalavriat ta’lim yo‘nalishi 3-kurs talabasi Mashhura Mardonova xalqaro tanlov saralashidan muvaffaqiyatli o‘tib, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi BMT Konvensiyasi ishtirokchi davlatlar konferensiyasining Yoshlar modeli (Model UNCAC Youth COSP)ga tayyorgarlik doirasida tashkil etiladigan tayyorlov seminarida (Capacity-Building Workshop) ishtirok etishga taklif etildi. Mazkur Yoshlar modeli konferensiyasini 2026-yil sentyabr oyida Qatar Davlatining Doxa shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Tayyorlov seminari 2026-yil 25–26-mart kunlari Avstriya Respublikasining Vena shahrida joylashgan Vena xalqaro markazida bo‘lib o‘tadi. Ushbu tadbir GRACE global tashabbusi doirasida tashkil etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish, global antikorrupsion yondashuvni shakllantirish hamda xalqaro yoshlar hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan.
Seminar dasturi doirasida korrupsiyaning mohiyati va uning global oqibatlarini chuqurroq anglash, korrupsiya xavf-xatarlari va axloqiy chaqiriqlarni tahlil qilish, zamonaviy texnologiyalar hamda sun’iy intellektning antikorrupsion mexanizmlarni mustahkamlashdagi salohiyatini o‘rganish, shuningdek COSP formatidagi xalqaro muzokaralarda ishtirok etish ko‘nikmalarini modellashtirish orqali rivojlantirish nazarda tutilgan.
Tanlov saralashi yuqori raqobat sharoitida o‘tdi: tashkilotchilar tomonidan 130 dan ortiq mamlakatdan kelib tushgan 2 300 dan ziyod ariza ko‘rib chiqildi. Ko‘p bosqichli baholash natijalariga ko‘ra, Mashhura Mardonova finalchilar safidan joy oldi va rejalashtirilgan ikki tayyorlov seminarining birinchisida ishtirok etishga taklif etildi.
Ushbu xalqaro tadbirda O‘zbekiston vakili ishtirok etayotgani mamlakat yoshlarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha global jarayonlarga qiziqishi va faol ishtirokini, shuningdek xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘lidagi intilishini tasdiqlaydi.