Akademiyada Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi

Akademiyada Prezidentning yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalar ijrosi bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi


Akademiyada Bosh prokuror o‘rinbosari S.I.Samadov ishtirokida 2026-yil 24-fevral kuni «Ko‘ksaroy» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida belgilangan vazifalarning tizimli ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan ishchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida yoshlarning ilmiy-tadqiqot faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini institutsional qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy etish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Prezident topshiriqlaridan kelib chiqib, ustuvor tashkiliy-amaliy choralar belgilab olindi va mas’ul bo‘linmalarga tegishli vazifalar yuklatildi. Xususan, yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks dasturlarni ishlab chiqish, ilmiy loyihalarni moliyaviy va tashkiliy rag‘batlantirishning barqaror mexanizmlarini shakllantirish hamda qulay ilmiy-ta’lim muhitini yaratish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, har payshanba kuni «Yoshlar kuni» deb e’lon qilingani alohida ta’kidlandi. Mazkur tashabbus doirasida talabalar startaplarini tizimli qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni sportga keng jalb etish va talabalar-sportchilar salohiyatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish nazarda tutilgan.

Yig‘ilish yakunida S.I.Samadov yoshlar bilan ishlashning yaxlit tizimini yanada mustahkamlash, istiqbolli g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratilgan mexanizmlarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha talabalarning ilmiy va innovatsion salohiyatini rivojlantirish, tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori professional natijalarga erishishi uchun sharoit yaratishga qaratilgan vazifalar belgilab olindi.