YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan hamkorlikda Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlari xodimlari uchun “So‘z va ifoda erkinligi hamda jurnalistlar xavfsizligini ta’minlash” mavzusida qisqa muddatli treninglar o‘tkazildi.
Treningda qayd etilgan viloyat prokurorlarining prokuratura tergov tarmoqlari, IIV organlarida, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limlari mas’ul xodimlari, tuman-shahar prokurorlari yordamchilari va tergovchilari ishtirok etishdi.
YUNESKO vakolatxonasi tomonidan loyiha doirasida jalb etilgan xalqaro ekspert, Malta politsiyasi komissari yordamchisi Keyt Arno, tadbir ishtirokchilariga so‘z va ifoda erkinligini himoya qilishning xalqaro me’yorlari va tamoyillari mazmun-mohiyati, shuningdek, prokuratura organlari xodimlarining jinoyat ishlari tergovi va sud protsesslari jarayonida ommaviy axborot vositalari vakillari huquq va qonuniy manfaatlarini muhofaza qilishdagi roli haqida batafsil tushuntirish berdi.
Trening yakunida ishtirokchilarga xalqaro andozadagi sertifikatlar tantanali suratda topshirildi.