O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov faoliyati sifatini tubdan yaxshilash, uning xolisligi va shaffofligini ta’minlash hamda har bir jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishiga erishish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Ushbu topshiriqlar ijrosini ta’minlash doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida tergovga oid tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
Mazkur vazifalardan kelib chiqqan holda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashabbusi bilan Farg‘ona viloyatida prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari ishtirokida o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarning asosiy maqsadi tergov jarayonlarini takomillashtirish, ish yuritishda zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish, dalillarni to‘plash va baholash sifatini oshirish, shuningdek tergovchilarning kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, raqamli izlarni aniqlash, ularni to‘g‘ri protsessual rasmiylashtirish, elektron ma’lumotlarni saqlab qolish va qonuniy tartibda mustahkamlash, shuningdek tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish yuzasidan amaliy tushuntirishlar berildi.
Shu bilan birga, kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor ma’lumot almashinuvini ta’minlash, raqamli muhitda dalillar zanjirini buzmasdan to‘plash, elektron qurilmalar va onlayn platformalar bilan ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar muhokama qilindi.
Seminar doirasida jinoyatlarni fosh etish va oldini olishda ochiq manbalar tahlili (OSINT)ning o‘rni va ahamiyatiga ham alohida urg‘u berildi. Ochiq manbalardan axborot izlash, saralash, tahlil qilish, uni tergov tusmollari bilan bog‘lash hamda ish uchun ahamiyatli ma’lumotlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish masalalari amaliy misollar orqali yoritildi.
Mashg‘ulotlar interaktiv formatlarda — munozara, keys-tahlil, amaliy misollar va savol-javob tarzida tashkil etildi. Bu esa ishtirokchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy vaziyatlarda tezkor va asosli qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda tajriba almashish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qildi.
Bunday o‘quv-amaliy seminarlar hududlarda muntazam tashkil etilib, tergov sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy yordam ko‘rsatish hamda xodimlar malakasini izchil oshirish chora-tadbirlari tizimli ravishda davom ettiriladi.