O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida nazariya va amaliyot integratsiyasiga asoslangan dual ta’lim tizimi joriy etilgan bo‘lib, u ta’lim oluvchilarda kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishning samarali mexanizmi sifatida faoliyat yuritmoqda.
Dual ta’lim jarayonlarining hududlarda tashkil etilishi, talabalarning amaliy tayyorgarlik darajasi hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish maqsadida Bosh prokuror o‘rinbosari S.I.Samadov boshchiligida, Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko va professor-o‘qituvchilar ishtirokida hududiy prokuratura organlari hamda surishtiruv va tergov faoliyati amalga oshiriladigan bo‘linmalarda amaliy o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari Toshkent shahrining barcha tumanlarida, shuningdek, Toshkent viloyatining Parkent, Piskent, Bo‘stonliq, Chinoz, O‘rtachirchiq, Qibray, Yangiyo‘l va Toshkent tumanlari hamda Olmaliq, Nurafshon va Chirchiq shaharlarida amalga oshirildi.
Tashriflar davomida talabalarning protsessual faoliyatga jalb etilishi darajasi, tajribali xodimlar tomonidan amalga oshirilayotgan ustozlik tizimining samaradorligi, shuningdek, Akademiya va amaliyot bazalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlari atroflicha o‘rganildi.
Jumladan, talabalarning fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish, protsessual hujjatlarni tayyorlash va tahlil qilish, hodisa joyini ko‘zdan kechirish hamda boshqa protsessual harakatlarda ishtirok etishi ularda mustahkam kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishga va mustaqil xizmat faoliyatiga tayyorlikni oshirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra dual ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, amaliy tayyorgarlik sifatini oshirish va hamkorlik mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.