Global barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha harakatlar va xabardorlikni oshirish haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Tashkent ploggers jamoasi bilan hamkorlikda ekologik plogging marafoni tashkil etildi.
Mazkur ekologik aksiya Tashkent ploggers jamoasi bilan sheriklikda uch yildan buyon izchil ravishda o‘tkazib kelinmoqda va u Akademiya talabalari, xodimlari hamda shahar jamoatchiligini ekologik mas’uliyat va faol fuqarolik pozitsiyasi atrofida birlashtiruvchi barqaror tashabbusga aylandi.
Plogging yo‘nalishi Yunusobod-9 hududini, jumladan Qoraqamish kanali bo‘ylab barpo etilgan yangi sayr yo‘lagini qamrab oldi. Ishtirokchilar jismoniy faollikni maishiy chiqindilarni yig‘ish bilan uyg‘unlashtirib, shahar muhitini obodonlashtirish va mahalla aholisiga amaliy ko‘mak ko‘rsatdilar.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun brifing o‘tkazildi, zarur anjomlar taqdim etildi hamda yig‘ilgan chiqindilar saralandi. Yakunda faol ishtirokchilar rag‘batlantirildi va umumiy natijalar sarhisob qilindi.
Bunday tashabbuslar Akademiya tomonidan barqaror rivojlanish tamoyillarini ta’lim va tarbiyaviy jarayonlarga integratsiya qilish, ekologik madaniyatni shakllantirish hamda kelajakdagi huquqni muhofaza qiluvchi mutaxassislarda ijtimoiy mas’uliyatni mustahkamlashga qaratilgan izchil siyosatning amaliy ifodasidir.