Aktivlarni qaytarish bo‘yicha mintaqaviy muloqot: Akademiya xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda

Aktivlarni qaytarish bo‘yicha mintaqaviy muloqot: Akademiya xalqaro hamkorlikni mustahkamlamoqda


O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakili milliy delegatsiya tarkibida 25–27-fevral kunlari Qozog‘iston Respublikasining Olmaota shahrida o‘tkazilgan «Pul izidan: moliyaviy tergov va aktivlarni qaytarish strategiyalari» mavzusidagi mintaqaviy forumda ishtirok etdi.

Forum Birlashgan Qirollik Hukumati hamda BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan tashkil etildi hamda mintaqadagi vakolatli organlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash, erishilgan natijalarni baholash va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilashga qaratildi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston davlatlarining huquqni muhofaza qiluvchi organlari, moliyaviy razvedka bo‘linmalari, prokuratura va sud organlari, shuningdek ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida ishtirokchilar moliyaviy tergovni amalga oshirish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish va aktivlarni qaytarish sohasidagi milliy strategiya va normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha ma’lumot taqdim etdi, transchegaraviy hamkorlik tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Akademiya vakili O‘zbekiston Respublikasining jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish milliy tizimini rivojlantirish strategiyasi hamda ushbu sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirish tajribasini taqdim etdi.

Forum ekspertlari «Pul izidan quvib» tamoyilini amalga oshirish bo‘yicha ilg‘or xalqaro amaliyotlar va mavjud muammolar yuzasidan ma’lumot berdi.

Shuningdek, milliy tizimni rivojlantirish konsepsiyasi bo‘yicha SWOT-tahlil hamda shartli ssenariy asosida ko‘p bosqichli moliyaviy tergovni modellashtirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Forum yakunlari bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish va huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi.