Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ekologik barqarorlik masalalari muhokama qilindi

Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida ekologik barqarorlik masalalari muhokama qilindi


Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bo‘yicha Harakat va xabardorlik global haftaligi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasida “Barqaror rivojlanish (ekologik barqaror amaliyotlar)” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda AQSH Elchixonasining “Fulbright” dasturi eksperti J.Chyaramonte, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi.

Muhokama davomida ekspert barqaror rivojlanish tushunchasining zamonaviy ahamiyati, ekologik barqarorlik tamoyillari hamda “yashil” (eco-friendly practices) amaliyotlarning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni haqida fikr bildirdi. Xususan, resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilar hajmini kamaytirish, qayta ishlash madaniyatini shakllantirish, energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida talabalar barqaror rivojlanishning huquqiy jihatlari, ekologik mas’uliyatni ta’minlash mexanizmlari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ushbu yo‘nalishdagi o‘rni yuzasidan savollar bilan faol ishtirok etdilar. Shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda yoshlarning tashabbuskorligi va fuqarolik mas’uliyati muhim ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Tadbir interaktiv ruhda o‘tib, talabalarning ekologik madaniyatini oshirish, ularni xalqaro tajriba bilan tanishtirish hamda barqaror va mas’uliyatli faoliyat yuritish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi. Suhbat yakunida ishtirokchilar barqaror rivojlanish g‘oyalarini amaliyotga joriy etish yuzasidan o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar.