O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ta’lim sifatini oshirish, davlat tilida ish yuritish madaniyatini shakllantirish va o‘quv materiallarini professional darajada tayyorlash maqsadida davlat tilida ish yuritish sohasida mutaxassisni Akademiya faoliyatiga vaqtincha asosda jalb qilish ehtiyoji mavjud.
Nomzod tomonidan taqdim etilgan hujjatlar ma’qullangan taqdirda, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik-huquqiy shartnoma imzolanadi.
Mutaxassis Akademiyaga belgilangan yo‘nalishda ekspertlik va o‘quv-uslubiy yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, elektiv kurs doirasida davlat tilida ish yuritishga oid o‘quv materiallari va prezentatsiyalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.
Mutaxassis rasmiy-idoraviy uslub, imlo va uslubiy me’yorlarga rioya etilgan holda matnlar tayyorlash va tahrir qilish bo‘yicha Akademiya xodimlarining ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi.
Davlat tilida ish yuritishga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlar, namunaviy hujjatlar va ish qog‘ozlarini tahlil qilish, shuningdek ular asosida o‘quv kontenti yaratishda ishtirok etadi.
O‘quv materiallarining tinglovchilar bilim darajasiga mos, tushunarli va vizual jihatdan samarali shaklda taqdim etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. Akademiyada ishlab chiqilgan kontentni raqamli ta’lim platformalari va prezentatsiya formatlariga moslashtirishda ishtirok etadi.
Kafedra professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda o‘quv dasturi va mavzulariga muvofiq kontent ishlab chiqishda ishtirok etadi. Shuningdek, yaratilgan materiallarni doimiy ravishda yangilab borish, amaldagi qonunchilik va me’yoriy hujjatlar asosida takomillashtirishga ko‘maklashadi.
Mutaxassis o‘quv jarayonida foydalaniladigan materiallarning sifati, aniqligi va metodik jihatdan to‘g‘riligini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Nomzod oliy, tugallanmagan oliy yoki o‘rta (o‘rta-maxsus) ma’lumotga ega bo‘lishi lozim. U 18 yoshdan kichik va 50 yoshdan katta bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, o‘z faoliyati sohasida zamonaviy texnika va dasturlarda ishlash ko‘nikmalariga ega bo‘lishi talab etiladi.
Akademiya prokuratura organlari tizimiga kiruvchi ta’lim muassasasi bo‘lgani sababli, mutaxassis sifatida jalb qilingan shaxs prokuratura organlarida o‘rnatilgan axloq talablariga qat’iy amal qilishi lozim.
Ish muddati ikki oyga belgilanadi. Kelgusida zaruratga ko‘ra mehnat shartnomasi asosida va Akademiyaning shtatlar jadvaliga muvofiq xizmatga qabul qilinishi mumkin.
Bajarilgan ish uchun to‘lov miqdori taraflar kelishuvi bilan belgilanadi. To‘lov mutaxassis tomonidan bajarilgan ishlar natijasiga ko‘ra xizmatlarni topshirish-qabul qilish dalolatnomasi imzolanganidan so‘ng har oy to‘lab boriladi.
Nomzod mas’uliyatli, professional, tashabbuskor bo‘lishi, jamoa bilan hamkorlikda ishlay olishi hamda berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida va sifatli bajara olishi lozim.
Ish vaqti haftasiga besh kun, har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha bo‘lib, 40 soatlik ish haftasiga mos keladi.
Mutaxassis o‘z faoliyatini bevosita Akademiyada amalga oshiradi. Alohida hollarda, taraflar kelishuviga ko‘ra, ayrim ishlar masofadan bajarilishi mumkin.
Talabgor Akademiya Til o‘rgatish kafedrasiga fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi bilan shaxsan murojaat qilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjat, obyektivka, ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (diplom va uning ilovasi), sertifikatlar nusxalari, mehnat daftarchasi ko‘chirmasi, STIR va PINFL ma’lumotnomasini taqdim etishi lozim.
Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilgandan so‘ng, zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.
Hujjatlar 2026-yil 14-mart kuniga qadar (shu kuni ham) topshirilishi lozim.
Manzil: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Rixsili ko‘chasi, 9-uy (mo‘ljal: eski «Zenit» zavodi).
Hujjatlar dushanba–juma kunlari soat 10:00 dan 17:00 gacha qabul qilinadi.
Murojaat uchun telefon: 71-202-04-96 (1763).