Zamonaviy tergov yondashuvlari va raqamli kriminalistika: Xorazmda o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi

Zamonaviy tergov yondashuvlari va raqamli kriminalistika: Xorazmda o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi


Joriy yilning 27-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar, jumladan tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan tegishli tashkiliy-amaliy chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Shu kabi tadbirlardan biri sifatida Akademiya xodimlari tomonidan Xorazm viloyati prokuratura va ichki ishlar organlari tergovchilari uchun o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi. Seminarning asosiy maqsadi tergov faoliyatida qonunchilik talablarini to‘g‘ri va samarali qo‘llashni ta’minlash, jinoyat ishlarini tergov qilishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, tergov harakatlarining sifati va natijadorligini oshirish, shuningdek tergov jarayonining ochiqligi va shaffofligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilarga raqamli izlarni aniqlash, ularni tegishli protsessual tartibda rasmiylashtirish, elektron ma’lumotlarni saqlash va qonunda belgilangan tartibda mustahkamlash, shuningdek tergov harakatlarini amalga oshirishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, kiberjinoyatlarni fosh etishda tezkor axborot almashinuvini ta’minlash, raqamli muhitda dalillarni ularning yaxlitligi va saqlanish zanjiriga putur yetkazmagan holda yig‘ish, shuningdek elektron qurilmalar va onlayn-platformalar bilan ishlashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan muhim jihatlar muhokama qilindi.

Seminar yakunida ishtirokchilar o‘zlarining amaliy faoliyatida uchrayotgan dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar, mavjud tajribalarni muhokama qildilar. Ta’kidlanganidek, bunday formatdagi muloqot va hamkorlik tergov amaliyotini yanada takomillashtirishga, xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirishga hamda tergov organlari faoliyatida yagona samarali yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.