Huquqni muhofaza qilish akademiyasida ilk bor BMT tomonidan ilgari surilgan Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ni keng targ‘ib qilishga qaratilgan Global harakatlar va xabardorlik haftaligi tashkil etildi. Mazkur haftalik Universitetlar global koalitsiyasi (University Global Coalition) tomonidan ilgari surilgan xalqaro tashabbus doirasida o‘tkazilib, ta’lim muassasalarini barqaror rivojlanish g‘oyalarini amaliy harakatlar orqali qo‘llab-quvvatlashga jalb etishni maqsad qiladi.
Tadbirning asosiy maqsadi Akademiya jamoasi hamda tinglovchilar o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlari to‘g‘risida xabardorlik darajasini oshirish, barqaror fikrlash va mas’uliyatli hayot tarzini shakllantirish, ekologik madaniyatni rivojlantirish hamda jamiyatda ijtimoiy va ekologik mas’uliyatni mustahkamlashdan iborat.
Haftalik davomida Akademiyada qator ilmiy-ma’rifiy va amaliy tadbirlar tashkil etildi. Xususan, BRMning mazmun-mohiyati, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror amaliyotlarni joriy etish, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish, shuningdek yoshlar o‘rtasida erta nikohning salbiy oqibatlari kabi dolzarb mavzularga bag‘ishlangan ma’ruzalar, seminar-treninglar, ochiq muloqotlar va ekspertlar ishtirokidagi muhokamalar o‘tkazildi.
Shuningdek, haftalik doirasida ishtirokchilarning ijtimoiy faolligini oshirish va ekologik madaniyatini shakllantirishga qaratilgan bir qator amaliy tashabbuslar amalga oshirildi. Jumladan, plogging aksiyasi (yugurish yoki sayr jarayonida chiqindilarni yig‘ish), bukkrossing (o‘qilgan kitoblarni boshqalarga berish yoki almashtirish), Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha debatlar, innovatsion g‘oyalar va startaplar taqdimoti, shuningdek insho hamda banner (poster) tanlovlari tashkil etildi.
Tadbirlar jarayonida tinglovchi va talabalar tomonidan barqaror rivojlanishga oid bir qator yangi g‘oyalar, amaliy takliflar va tashabbuslar ilgari surildi. Bu esa ta’lim muassasalarida barqaror rivojlanish tamoyillarini keng joriy etish va ularni hayotga tatbiq etishda yoshlarning faol ishtirokini yanada rag‘batlantirishga xizmat qildi.
Haftalik yakunida turli yo‘nalishlarda o‘tkazilgan tanlovlar g‘oliblari hamda faol ishtirokchilar maxsus sertifikatlar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishi belgilandi.
Qizg‘in muhokamalar, ijtimoiy tashabbuslar va amaliy tadbirlarga boy tarzda o‘tgan mazkur haftalik Akademiyada barqaror rivojlanish g‘oyalarini yanada keng targ‘ib qilish, ekologik va ijtimoiy mas’uliyat madaniyatini shakllantirish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.