Joriy yilning 11-mart kuni Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Toshkent davlat yuridik universiteti rektori, yuridik fanlar doktori, professor B.K. Xodjayev ishtirokida “Huquqiy tadqiqotlarning zamonaviy konsepsiyasi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda magistratura tinglovchilari ishtirok etdilar.
Seminar-treningni o‘tkazishdan asosiy maqsad tadqiqotchilarga huquqiy tadqiqotlarni amalga oshirishda zamonaviy ilmiy yondashuvlar va metodologiyalardan samarali foydalanish, ilmiy izlanishlarni tashkil etishning dolzarb masalalari bo‘yicha amaliy tavsiyalar berish hamda mazkur yondashuvlarni ilmiy-amaliy faoliyatga keng tatbiq etishdan iborat bo‘ldi.
Tadbir davomida huquqiy tadqiqotlarning zamonaviy konsepsiyasi, ilmiy izlanishlarni rejalashtirish va tashkil etishning muhim jihatlari, huquqiy tahlil usullari, shuningdek tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish mexanizmlari yuzasidan atroflicha ma’lumotlar berildi.
Seminar-trening interaktiv muloqot shaklida o‘tkazilib, huquqshunoslik sohasida ilmiy tadqiqotlarni samarali tashkil etish, dolzarb huquqiy muammolarni ilmiy asosda o‘rganish, shuningdek xalqaro ilmiy tajribalardan foydalanish masalalari yuzasidan ishtirokchilar o‘rtasida fikr almashinuvi va munozaralar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, huquqiy tadqiqotlarda zamonaviy metodologik yondashuvlarni chuqur o‘zlashtirish hamda ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlashga, shuningdek ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.