O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida tergov sifatini tubdan oshirish va uning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur vazifalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Namangan viloyati prokuraturasi hamda viloyat ichki ishlar organlari tergovchilari uchun tergov faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminar davomida axborot texnologiyalari yordamida sodir etilayotgan jinoyatlarni tergov qilish, jinoyatlarning raqamli izlarini aniqlash, tergov harakatlarini o‘tkazishda raqamli kriminalistika imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek kiberjinoyatlarni fosh etish va tergov qilishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, kiberjinoyatlarga qarshi kurashishda bank hisob raqamlarini jinoiy maqsadlarda taqdim etish va ulardan foydalanishga qarshi jinoyat-huquqiy mexanizmlar yuzasidan ishtirokchilarga tushuntirishlar berildi.
Zamonaviy axborot texnologiyalari va global raqamlashtirish sharoitida jinoyatlarni fosh etishda ochiq manbalardan olingan ma’lumotlardan foydalanish taktikasi va strategiyasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
O‘quv-amaliy seminar interaktiv usullar, munozaralar hamda savol-javoblar shaklida tashkil etilib, ishtirokchilarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qildi.
Bunday tadbirlar hududlarda muntazam ravishda tashkil etilib, tergov faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy-amaliy yondashuvlar asosidagi metodik yordam va malaka oshirish ishlari izchil davom ettiriladi.