O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim jarayoniga joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Akademiyada xorijiy ekspertlar va amaliyotchi mutaxassislar ishtirokida muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Navbatdagi mashg‘ulot Gruziya Bosh prokuraturasi mas’ul xodimi Timur Sindeliani ishtirokida o‘tkazildi. U Akademiya bakalavriati talabalariga «Ayblanuvchi ishtirokisiz hukm chiqarish bo‘yicha Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa Sudi tomonidan belgilangan Yevropa standartlari hamda mazkur standartlarning O‘zbekiston Respublikasi uchun dolzarbligi» mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida ayblanuvchining protsessual huquqlarini himoya qilish, sud muhokamasining adolatli va xolis o‘tishini ta’minlash, inson huquqlarini kafolatlashning xalqaro mexanizmlari hamda Yevropada shakllangan sud amaliyoti misollari atroflicha muhokama qilindi.
Mashg‘ulot interaktiv muloqot shaklida o‘tkazilib, talabalar xalqaro huquqiy standartlar, inson huquqlarini ta’minlash mexanizmlari va zamonaviy sud amaliyotiga oid muhim bilimlarga ega bo‘ldilar.
Akademiyada xalqaro ekspertlar ishtirokida tashkil etilayotgan bunday mashg‘ulotlar talabalarning huquqiy tafakkurini kengaytirish, zamonaviy huquqiy standartlarni chuqur anglash va ularni kelgusidagi kasbiy faoliyatda samarali qo‘llashga xizmat qilmoqda.