O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida har hafta o‘tkazib kelinayotgan ma’rifat soati doirasida kiberxavfsizlikni ta’minlash va zamonaviy kibertahdidlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan tadbir tashkil etildi.
Tadbirda “Kiberxavfsizlik markazi” DUKning malakali mutaxassisi “Kiberxavfsizlikning dolzarb muammolari va ularni oldini olish choralari” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruza davomida raqamli muhitdagi zamonaviy tahdidlar, xususan fishing hujumlarining mexanizmlari va foydalanuvchilarni aldashga qaratilgan usullar tahlil qilindi. Shuningdek, zararli dasturiy ta’minot (malware) turlari hamda ularning axborot tizimlariga ta’sir ko‘rsatish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tinglovchilarga ma’lumotlarni himoya qilishning amaliy usullari – mustahkam parollardan foydalanish, ikki bosqichli autentifikatsiyani joriy etish kabi choralar tushuntirildi. Shu bilan birga, axborot makonida xavfsiz faoliyat yuritishga qaratilgan kibergigiyena qoidalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur tadbir ishtirokchilarning zamonaviy kibertahdidlar haqidagi xabardorligini oshirish hamda raqamli texnologiyalardan xavfsiz foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qildi.