O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga Germaniyaning Xalqaro huquqiy hamkorlik fondi (IRZ) direktori Sh.Xyulshyorster boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Akademiya faoliyati, xususan prokuratura va tergov organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuv davomida hamkorlikning kelgusidagi istiqbollari, jumladan qo‘shma tadbirlar va trening dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar huquqiy ta’limni rivojlantirish, shuningdek huquq-tartibot va sud-huquq sohalari uchun kadrlarning kasbiy tayyorgarligini takomillashtirishga qaratilgan hamkorlikni yanada mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladilar.
Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar Akademiyaning amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim infratuzilmasi bilan tanishib, ta’lim jarayonida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or metodikalarga alohida e’tibor qaratdilar. Jumladan, yuridik klinika, kriminalistika poligoni, raqamli kriminalistika laboratoriyasi hamda sud jarayonlarini imitatsiya qilish zallari faoliyati namoyish etildi. Amaliyotga asoslangan ta’lim yondashuvining ahamiyati alohida qayd etildi.
Uchrashuv konstruktiv ruhda o‘tib, nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan Akademiya faoliyati mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.