O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son hamda PQ-2-son qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.Kolenko boshchiligidagi ishchi guruh Bektemir tumani prokuraturasi va ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘linmalari xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda “ilmiy xulosa – tavsiya – natija” tamoyili asosida huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va hududda kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, tergov sifatini oshirish, uning shaffofligini ta’minlash, shuningdek kiberjinoyatlarga qarshi kurashish taktikasi va strategiyasini takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Shuningdek, tergovchilarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinib, o‘quv mashg‘ulotlarini tizimli tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Alohida ravishda Akademiya talabalarining dual ta’lim asosida tergov, profilaktika va jamoat tartibini saqlash xizmatlarida amaliyot o‘tash tartibi talablari belgilab olindi.
Ishchi guruh tomonidan Bektemir tumanining bir qator mahallalari, jumladan “Nurafshon” mahallasida o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Ilmiy yondashuv asosida kriminogen vaziyatga ta’sir etuvchi omillar, huquqbuzarliklarga sabab bo‘luvchi shart-sharoitlar, profilaktika ishlarining holati hamda aholining ijtimoiy-maishiy muammolari tahlil qilindi.
O‘rganishlar natijasida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilib, profilaktik tadbirlarning samaradorligini oshirish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Akademiya tomonidan ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, kriminogen vaziyatni yanada yaxshilashga qaratilgan yo‘l xaritalariga kiritish uchun mas’ul tashkilotlarga taqdim etildi.
Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda.