Raqamli transformatsiya – tergov samaradorligini oshirishning muhim omili

Raqamli transformatsiya – tergov samaradorligini oshirishning muhim omili

Mamlakatimizda davlat boshqaruvi va huquqni muhofaza qilish tizimida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali samaradorlik, tezkorlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu jarayonlarda «Raqamli prokuratura – 2030» strategiyasi muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qilib, prokuratura organlari, ayniqsa tergov sohasida ish jarayonlarini tubdan modernizatsiya qilish, inson omilini qisqartirish va qaror qabul qilishning sifatini oshirishga qaratilgan.

Joriy yilning 26-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida mazkur yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida respublika o‘quv seminari tashkil etildi. Unda tergov organlarida faoliyat yuritayotgan tezkor xodimlar, Akademiya magistraturasi tinglovchilari hamda malaka oshirish kurslariga jalb etilgan, prokuratura organlariga ilk bor qabul qilingan xodimlar ishtirok etdi.

Seminar davomida strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari, raqamli yechimlarni amaliyotga joriy etish mexanizmlari hamda «E-tergov» axborot tizimi bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, tergov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish jinoyatlarni tezkor fosh etish, dalillarni ishonchli mustahkamlash va protsessual qarorlarning asosliligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan, Bosh prokuratura va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamkorligida tergov sifatini oshirish hamda prokuror nazorati samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan alohida ishchi guruh faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur guruh tomonidan ilg‘or xorijiy tajriba asosida raqamli yechimlarni joriy etish bo‘yicha qator innovatsion takliflar ishlab chiqilmoqda.

Xususan, amaliyotga joriy etilayotgan «Tergovchi plansheti» loyihasi tergov jarayonlarini raqamlashtirishning yangi bosqichini boshlab bermoqda. Ushbu qurilma «E-tergov» tizimi bilan integratsiyalashgan holda ariza va xabarlarni avtomatik ro‘yxatga olish, ular bo‘yicha tezkor protsessual harakatlarni boshlash hamda barcha jarayonlarni yagona raqamli muhitda yuritish imkonini yaratadi.

Planshet orqali protsessual harakatlarni real vaqt rejimida qayd etish, bayonnomalarni elektron shaklda shakllantirish va inson omili bilan bog‘liq xatolarni minimallashtirish imkoniyati yaratilmoqda. Jumladan, Face ID texnologiyasining qo‘llanilishi tergovchining shaxsiy mas’uliyatini oshirish bilan birga protsessual intizomni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu yechim protsessual harakat ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda shakllantirish, sud ekspertizalarini tayinlash va tegishli materiallarni elektron tarzda yuborish orqali vaqt va resurslarni tejash imkonini beradi.

Umuman olganda, raqamli texnologiyalarning tergov amaliyotiga izchil joriy etilishi tergov sifatini yangi bosqichga olib chiqish, qarorlar qabul qilishda inson omilini minimallashtirish hamda har bir protsessual harakatning shaffofligi va xolisligini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa o‘z navbatida fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, adolatli sudlovga erishish va huquqni muhofaza qilish tizimiga bo‘lgan jamoat ishonchini mustahkamlashning muhim kafolati hisoblanadi.

Telegram Facebook