Xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda: Akademiyada AQSH Adliya vazirligi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Xalqaro hamkorlik rivojlanmoqda: Akademiyada AQSH Adliya vazirligi vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida AQSH Adliya vazirligining Xorijiy prokurorlarni tayyorlash, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha boshqarmasi (OPDAT) yuridik maslahatchisi Aaron Lukoff bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida xorijiy ekspertga Akademiya faoliyati, uning ilmiy salohiyati, ta’lim dasturlari, shuningdek prokuror-tergov kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi.

Alohida e’tibor amerikalik ekspertlar ishtirokida o‘quv modullari va ta’lim kurslarini ishlab chiqish masalalariga qaratildi. Tomonlar ularni Akademiyaning “Proacademy” elektron ta’lim platformasi orqali amalga oshirish, ta’lim sohasida hamkorlik bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari uchun mintaqaviy o‘quv kurslarini tashkil etish yuzasidan kelishib oldilar.

Shuningdek, uchrashuv doirasida xorijiy ekspert O‘zbekiston Respublikasining sud-huquq tizimi, ushbu sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, tergov jarayonining o‘ziga xos xususiyatlari hamda odil sudlovni amalga oshirish mexanizmlari bilan tanishtirildi.

Uchrashuv konstruktiv va ishbilarmonlik ruhida o‘tdi hamda tomonlarning o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga bo‘lgan manfaatdorligini tasdiqladi.

Telegram Facebook