Sog‘lom avlod tarbiyasi yo‘lida hamkorlik: Akademiya va Qo‘l jangi federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi

Sog‘lom avlod tarbiyasi yo‘lida hamkorlik: Akademiya va Qo‘l jangi federatsiyasi o‘rtasida memorandum imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi delegatsiyasining tanishuv tashrifi bo‘lib o‘tdi.

Tashrif doirasida tomonlar o‘rtasida ishchi uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda talaba, tinglovchi va xodimlarni jismonan sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, jismoniy tarbiya va ommaviy sport turlari bilan muntazam shug‘ullanishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, “Qo‘l jangi” sport turi bo‘yicha aniq o‘quv va amaliy dasturlarni joriy etish, mazkur yo‘nalishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Muzokaralar jarayonida Akademiyada “Qo‘l jangi” bo‘yicha to‘garak va seksiyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yuqori natijalarga erishgan sportchilar bilan uchrashuvlar tashkil etish, talaba, tinglovchi va xodimlarni keng jalb qilish hamda ular o‘rtasida turli sport musobaqalarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Mazkur hujjat tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, jismoniy tarbiya va sport sohasida qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni izchil amalga oshirish, shuningdek sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga xizmat qiladigan mustahkam huquqiy asos yaratadi.

Telegram Facebook