Qonunga xizmat qilish ruhidagi avlodni shakllantirish: Akademiyada rahbar va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi

Qonunga xizmat qilish ruhidagi avlodni shakllantirish: Akademiyada rahbar va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida yoshlar bilan ishlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar doirasida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ruknida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Akademiya boshlig‘i v.b., III darajali davlat adliya maslahatchisi S.I.Samadov hamda talabalar bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Tadbir ochiq muloqot shaklida tashkil etildi. Unda huquqni muhofaza qilish organlari uchun bo‘lajak kadrlarni tayyorlash sifati, kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish va huquqiy ongni shakllantirish masalalari muhokama qilindi.

Akademiyada joriy etilgan dual ta’lim tizimiga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu tizim nazariy bilimlar bilan amaliy faoliyatni uzviy uyg‘unlashtirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, yoshlarni ma’naviy-axloqiy tarbiyalash, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, milliy qadriyatlar, tarix va o‘z ildizlariga hurmat ruhini shakllantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, jismoniy tayyorgarlikni rivojlantirish, sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining kasbiy shakllanishida muhim omil ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan ustuvor vazifalar doirasida yoshlar uchun har tomonlama rivojlanish sharoitlarini yaratish, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish hamda qonun ustuvorligi va jamoat tartibini ta’minlashda faol ishtirokini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Uchrashuv davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lib, ularga batafsil javoblar berildi.

Rahbar ta’kidlaganidek, «Zamonaviy huquqni muhofaza qilish organlari xodimi nafaqat yuqori kasbiy tayyorgarlikka ega bo‘lishi, balki ma’nan yetuk, jismonan baquvvat, keng dunyoqarashga ega, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat bilan qaraydigan va adolat tamoyillariga sodiq bo‘lgan shaxs bo‘lishi lozim. Ana shunday kadrlargina qonun va jamiyatga samarali xizmat qila oladi».

Tadbirning kulminatsiyasi sifatida o‘qish, ilmiy va jamoat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, yuqori bilimga intilish, namunaviy xulq-atvor va erishilgan yutuqlari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi hamda Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan talabalar qimmatbaho sovg‘alar va tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. Shuningdek, BMTning Giyohvandlik va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) tomonidan Model UNCAC Youth COSP tashabbusi doirasida Vena xalqaro markazida tashkil etilgan Capacity-Building Workshop xalqaro o‘quv seminarida ishtirok etish uchun grantni qo‘lga kiritgan talaba ham alohida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, «Navro‘zni ulug‘lash – insonni ulug‘lashdir» shiori ostida o‘tkazilgan tadbir doirasida harbiy-sport estafetasi, shu jumladan kamondan o‘q otish, stol tennisi va armrestling bo‘yicha musobaqalar g‘olib va sovrindorlari ham taqdirlandi. Ishtirokchilar yuqori jismoniy tayyorgarlik, maqsadga intilish va g‘alabaga bo‘lgan irodani namoyon etib, Akademiyada yoshlarni har tomonlama rivojlantirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yana bir bor tasdiqladilar.

Mazkur uchrashuv yoshlar bilan ishlashning tizimli mexanizmlarini rivojlantirish, ular bilan samarali muloqotni mustahkamlash hamda qonunga xizmat qilishga bo‘lgan barqaror motivatsiyani shakllantirishga xizmat qildi.

Telegram Facebook