Akademiya xalqaro hamkorlik va akademik mobillik sohasida mutaxassis vazifasiga tanlov e’lon qiladi (shartnoma asosida vaqtinchalik ish)

Akademiya xalqaro hamkorlik va akademik mobillik sohasida mutaxassis vazifasiga tanlov e’lon qiladi (shartnoma asosida vaqtinchalik ish)

Xalqaro hamkorlik va akademik mobillikni yanada rivojlantirish maqsadida hozirgi vaqtda Akademiya faoliyatiga vaqtinchalik asosda mazkur sohada yetarli bilim va tajribaga ega bo‘lgan mutaxassisni jalb qilish zarurati mavjud.

Mutaxassis tomonidan taqdim etilgan tegishli hujjatlar o‘rganib chiqilgan va suhbat natijalariga ko‘ra, u bilan Akademiya o‘rtasida ikki tomonlama fuqarolik huquqiy shartnoma imzolanadi.

Mutaxassisning vazifalari:

Akademiyada xalqaro akademik almashinuv va mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish.

Xorijiy oliy o‘quv yurtlari, ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ta’lim dasturlari, xalqaro akademik almashinuv va mobillik bo‘yicha hamkorlik masalalari yuzasidan muzokaralar olib borish, aloqalarni o‘rnatish, kengaytirish, rivojlantirish, shuningdek mazkur sohada olib borilayotgan ishlar ahvolini tizimli tahlil qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish hamda yangi yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar tayyorlash.

Akademiya vakillari, tadqiqotchilari, tinglovchilari va talabalarining xorijiy ta’lim muassasalarida malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi, boshqa ilmiy-amaliy tadbirlarda (konferensiya, seminar, trening, davra suhbati, tadqiqot) ishtirok etishiga ko‘maklashish, tashkillashtirish va muvofiqlashtirish, xorijiy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro almashinuv dasturlarini amalga oshirish.

Xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda qo‘shma tadqiqotlarni amalga oshirishni tashkil etilishiga ko‘maklashish va muvofiqlashtirish, Akademiya xodimlari, tadqiqotchilari va tinglovchilari uchun xorijiy ilmiy rahbarlar tayinlanishiga ko‘maklashish.

Xalqaro va xorijiy hamkorlar ishtirokida milliy, mintaqaviy va xalqaro darajadagi tadbirlar (konferensiyalar, seminarlar, davra suhbatlari va h.k.) tashkil qilishga ko‘maklashish va muvofiqlashtirish;

Xalqaro va xorijiy grantlar, dasturlar va loyihalar to‘g‘risida xabardor qilish hamda Akademiya ishtirokiga ko‘maklashish.

Xalqaro va xorijiy hamkorlar tomonidan amalga oshirilayotgan Akademiya faoliyati bilan bog‘liq dasturlar va loyihalarda ishtirok etishni ta’minlash.

Akademiya faoliyatiga xalqaro va xorijiy ekspertlarni uzoq va qisqa muddatga jalb qilish choralarini ko‘rish.

Qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik yo‘nalishi bo‘yicha vazifalar va amalga oshirilayotgan tadbirlar haqidagi tizimlashtirilgan ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish.

Qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv va mobillik yo‘nalishi bo‘yicha press-relizlarni tayyorlash va Akademiya saytida chop etishga ko‘maklashish.

Qonunchilik hujjatlariga muvofiq xodim zimmasiga boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.

Nomzodga qo‘yiladigan talablar:

Oliy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlarda xalqaro hamkorlik, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik mobillik sohasida kamida ikki yillik ish tajribasi.

Mazkur yo‘nalishda tegishli hujjat (sertifikat).

O‘zbek, ingliz, rus tillarini yaxshi bilish (sertifikat).

Bajariladigan ish muddati: 3 (uch) oy bo‘lib, kelgusida zaruratga ko‘ra, shartnoma muddati uzaytirilishi yoxud fuqaro mehnat shartnomasi asosida Akademiyaga ishga qabul qilinishi mumkin.

To‘lov miqdori: taraflar kelishuvi bilan belgilanadi va talabgorga bajarilgan ish natijasiga ko‘ra to‘lanadi.

Talablar: tashabbuskorlik, jamoa bilan hamnafas ishlash, berilgan topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarish, natijaga erishish.

Ish vaqti: ish vaqti 40 soatlik, haftasiga 5 kunlik ish rejimini tashkil etadi.

Talabgor tegishli hujjatlar (shaxsini tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID karta), obyektivka, oliy ta’lim olganlik haqida diplom va uning ilovasi, mehnat daftarchasi, tegishli sertifikatlar) elektron nusxasini quyidagi elektron manzilga (int.proacademy.uz@gmail.com, int@proacademy.uz) yuborishi lozim. Taqdim etilgan hujjatlar o‘rganib chiqilganidan so‘ng zaruratga ko‘ra talabgor bilan komissiya tarkibida suhbat o‘tkaziladi.

Hujjatlar 2026 yil 20-aprelga qadar qabul qilinadi.

Ma’lumot uchun telefon: +99871-202-04-96 (ichki raqam 1939, 1918).

Telegram Facebook