Barvaqt profilaktika tizimi kuchaytirilmoqda: Akademiya “mahalla yettiligi” kompetensiyalarini oshirmoqda

Barvaqt profilaktika tizimi kuchaytirilmoqda: Akademiya “mahalla yettiligi” kompetensiyalarini oshirmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1-son qarori, shuningdek joriy yil 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda. Mazkur mashg‘ulotlar Toshkent shahrining Akademiyaga biriktirilgan Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlaridagi 136 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislarining zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, hududlarda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan.

Ushbu yo‘nalishdagi o‘quv mashg‘ulotlari «mahalla yettiligi»ning boshqa a’zolari – hokim yordamchilari, profilaktika inspektorlari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari uchun ham alohida dastur asosida tashkil etilgan bo‘lib, ularda 600 nafardan ortiq xodim ishtirok etmoqda. Shu tariqa, mahallalarda manzilli ishlash, muammolarni erta aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan ko‘p tarmoqli hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsad qilingan.

Jami 10 haftaga mo‘ljallangan mazkur o‘quv mashg‘ulotlari va seminar-treninglar joriy yilning aprel–iyun oylari davomida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlar dasturiga «Jinoyatlarni barvaqt oldini olish», «Ijtimoiy profilaktika», «Narkojinoyatlarga qarshi kurashish», «Ma’muriy-yurisdiksion faoliyat», «Amaliy psixologiya», «Muammoli sotsiologiya», «Raqamli savodxonlik», «Kibermadaniyatni shakllantirish» kabi modullar kiritilgan.

O‘quv jarayonida asosiy e’tibor mahalla raislari va boshqa ishtirokchilarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlashga, rahbarlik qobiliyatini rivojlantirishga, tezkor va asoslangan qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga, raqamli muhitda samarali ishlash hamda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirishga qaratilmoqda. Shu bilan birga, ishtirokchilarga zamonaviy axborot tizimlari va platformalardan foydalanish, kibermadaniyatni rivojlantirish, kiberxavflardan himoyalanish, ijtimoiy profilaktika mexanizmlarini amaliyotda qo‘llash, aholi bilan manzilli ishlash va muammolarni barvaqt bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berilmoqda.

O‘quv mashg‘ulotlari yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari yakuniy nazorat asosida baholanadi. Dasturni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarga Akademiya tomonidan malaka oshirganlik to‘g‘risida sertifikatlar topshirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur kompleks o‘quv mashg‘ulotlari «mahalla yettiligi» a’zolarining hududlarda samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, vazifalarni sifatli bajarish, aholi bilan manzilli va natijador ishlash, shuningdek raqamli jamiyat talablariga moslashish jarayonlarini jadallashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Akademiya tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Telegram Facebook