Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlari mahallalari profilaktika inspektorlari uchun sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Ushbu o‘quv jarayonlarida 270 nafardan ortiq profilaktika inspektorlari ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi – zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, hududlarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishdan iborat.
O‘quv dasturi modulli asosda shakllantirilgan bo‘lib, jinoyatlarni barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika, narkojinoyatlarga qarshi kurashish, ma’muriy-yurisdiksion faoliyat, amaliy psixologiya, muammoli sotsiologiya, raqamli savodxonlik va kibermadaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Mashg‘ulotlarda xavf-xatarlarni baholash, jinoyat o‘choqlarini aniqlash va kriminogen vaziyatni prognozlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish taktikasi, profilaktik hisobda turgan shaxslar bilan ishlash, ularni ijtimoiy hayotga qaytarish va jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, huquqbuzarliklarga oid xabarlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlari, axborot tizimlari va raqamli platformalardan samarali foydalanish, kiberxavflardan himoyalanish bo‘yicha amaliy bilimlar beriladi.
Mashg‘ulotlarda profilaktika inspektorlarining kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, liderlik fazilatlari, tezkor qaror qabul qilish, raqamli muhitda samarali ishlash va aholi bilan ishlash sifatini oshirishga alohida urg‘u berilmoqda.
O‘quv jarayoni yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga malaka oshirganligi to‘g‘risida sertifikatlar berilishi rejalashtirilgan.
Mazkur tadbirlar profilaktika inspektorlarining faoliyati samaradorligini oshirish, zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish va raqamli jamiyatga moslashuv jarayonlarini jadallashtirishga xizmat qilmoqda.
Akademiya tomonidan mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.