Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti hududiy boshqarmalari hamda tuman-shahar tergov bo‘limlari rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida tergov qilish sohasida kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlashning zamonaviy tizimi bilan tanishtirildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga tergov kadrlarini tayyorlashning ilmiy-amaliy yondashuvlari, malaka oshirishning zamonaviy mexanizmlari, o‘quv-uslubiy ta’minot, shuningdek, yangi avlod o‘quv modullari mazmuni haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi. Akademiya tomonidan tergov-surishtiruv xodimlarining kasbiy kompetensiyalarini tizimli ravishda oshirishga qaratilgan ishlar alohida qayd etildi.
Tergov sohasida malakali kadrlarni tayyorlashni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Akademiyada joriy etilgan zamonaviy ta’lim shakllari, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari asosida nazariy bilimlarni huquqni qo‘llash amaliyoti bilan uzviy bog‘lashga qaratilgan yondashuvlar, jumladan masofaviy ta’lim imkoniyatlari keng yoritildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar Akademiyada tashkil etilgan tergov poligonlari, kriminalistika laboratoriyalari, Raqamli kriminalistika ilmiy-tadqiqot instituti, shuningdek, o‘qitish jarayonini ta’minlovchi zamonaviy moddiy-texnik baza va axborot resurslari bilan yaqindan tanishdilar.
Muzokaralar jarayonida tergov samaradorligini oshirish, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, Akademiya va Tergov departamenti o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va uni amaliy hamda tizimli mexanizmlar asosida rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar tomonidan talab asosida o‘quv modullarini ishlab chiqish, amaliyotga yo‘naltirilgan qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish hamda kadrlar tayyorlash tizimini yanada muvofiqlashtirish bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.