Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ishchi guruhi Toshkent viloyatida mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash hamda jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi yig‘ilishida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1 va PQ–2-son qarorlari ijrosini ta’minlash doirasida Akademiya tomonidan «ilmiy xulosa – tavsiya – natija» tamoyili asosida mahallalarda kriminogen vaziyatni tahlil qilish, huquqbuzarliklar sabab va omillarini o‘rganish hamda manzilli profilaktika choralarini ishlab chiqishga qaratilgan ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilish davomida Akademiya ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlarida olib borilgan o‘rganishlar natijalari taqdim etildi. Jumladan, mazkur hududlarda jinoyatchilik holati, uning sabab va shart-sharoitlari, profilaktik hisobdagi shaxslar bilan ishlash amaliyoti hamda huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmlari kompleks tahlil qilindi.
Shuningdek, Angren shahridagi “Ozodlik”, “Appartak”, “Yangiobod” va “Bo‘ston”, shuningdek, Olmaliq shahridagi “A.Navoiy”, “M.Ulug‘bek”, “Temur Malik” va “Hamza” mahallalarida amalga oshirilgan o‘rganishlar asosida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish hamda profilaktika ishlari samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan manzilli taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Respublika idoralararo muvofiqlashtirish shtabi yig‘ilishida mahallalarda “manzilli ishlash” tizimini samarali joriy etish, jinoyatchilikning barvaqt profilaktikasini kuchaytirishga doir ustuvor vazifalar muhokama qilinib, Akademiya tomonidan amalga oshirilayotgan tahlillar va yondashuvlar ijobiy baholandi.
Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, jinoyatchilikning barvaqt oldini olishga qaratilgan faoliyatni ilmiy-metodik jihatdan ta’minlash, hududlar kesimida tahlillar asosida manzilli “yo‘l xaritalari” ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilishi belgilandi.