Komplayens va raqamli instrumentlar orqali korrupsiyaga qarshi kurash: Akademiyada yangi formatdagi mutaxassislar tayyorlandi

Komplayens va raqamli instrumentlar orqali korrupsiyaga qarshi kurash: Akademiyada yangi formatdagi mutaxassislar tayyorlandi

Prokuratura organlarida komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi joriy etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida shaxsiy xavfsizlik bo‘linmalari xodimlari uchun qisqa muddatli malaka oshirish kursi tashkil etildi.

O‘quv dasturi doirasida tinglovchilar xalqaro standartlar asosida prokuratura organlarida komplayens-menejment tizimlarini joriy etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, xodimlarni kompleks tekshirish (due diligence), shuningdek korrupsiyaning oldini olishning samarali mexanizmlarini chuqur o‘rgandilar.

Mashg‘ulotlarda raqamli kriminalistika va zamonaviy axborot texnologiyalarining imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, OSINT instrumentlaridan foydalanish, elektron ma’lumotlar bazalari bilan ishlash, ochiq manbalar tahlili asosida xavflarni aniqlash va korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni dastlabki bosqichlarda fosh etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Bojxona qo‘mitasida sayyor mashg‘ulotlar tashkil etildi va tinglovchilar korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qilish va boshqarish amaliyoti bilan tanishdilar.

Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, ularga tegishli sertifikatlar topshirildi.

Telegram Facebook