2026-yil 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanayotgan sharoitda huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlashning zamonaviy yondashuvlariga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Tadbir «El-yurt umidi» jamg‘armasi bilan hamkorlikda tashkil etildi va gibrid formatda o‘tkazildi. Konferensiya ishida 10 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan 40 nafarga yaqin xorijiy va xalqaro ekspertlar, shuningdek mahalliy ekspertlar, ta’lim va huquqni muhofaza qilish muassasalari vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
Plenar sessiyaga Akademiya boshlig‘i o‘rinbosari U.U.Nigmadjanov moderatorlik qildi. Tadbirni ochib berishda Akademiya boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ye.V.Kolenko va «El-yurt umidi» jamg‘armasi ijrochi direktori G.S.Ismailova qutlov so‘zi bilan ishtirok etdilar.
Plenar sessiya doirasida Ye.V.Kolenko huquqni muhofaza qilish va kuch tuzilmalari xodimlari uchun malaka oshirish va xorijiy stajirovkalarning yangi kaskadli tizimini taqdim etdi, shuningdek zamonaviy tahdidlar jadal murakkablashayotgan sharoitda kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilish davlat xavfsizligini ta’minlashning ajralmas qismiga aylanayotganini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, ustuvor vazifa – mavjud chaqiriqlarga nafaqat javob qaytara oladigan, balki ularni oldindan prognoz qila oladigan, sun’iy intellekt, kiberxavfsizlik va analitik instrumentlar imkoniyatlaridan samarali foydalanadigan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishdan iborat. Shuningdek, ta’lim, ilm-fan va amaliyot integratsiyasiga asoslangan kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi modeliga o‘tish, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirish tayyorgarlik sifatini oshirishning eng muhim omili ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya davomida kadrlar tayyorlash tizimini transformatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari, jumladan zamonaviy texnologiyalarni ta’lim jarayoni va amaliy faoliyatga joriy etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va kasbiy tayyorgarlik dasturlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Alohida ma’ruzalar bloki huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish tizimini modernizatsiya qilish masalalariga bag‘ishlandi. Kaskadli tayyorgarlik modelini joriy etish, xalqaro stajirovkalarni kengaytirish, shuningdek xorijda ta’lim olish imkoniyatlariga oid yondashuvlar taqdim etildi.
Xavfsizlikni ta’minlashning texnologik jihatlariga katta e’tibor qaratildi. Sun’iy intellekt, raqamli kriminalistika, kvant hisoblashlari, mashinali o‘qitish, shuningdek huquqni muhofaza qilish va sud faoliyatida raqamli dalillardan foydalanish masalalari ko‘rib chiqildi.
Alohida yo‘nalish sifatida kibertahdidlarga qarshi kurashish, antifrod tizimlarini rivojlantirish, dronlar va robototexnikani integratsiya qilish, shuningdek raqamli muhit sharoitida idoralararo hamkorlikni takomillashtirishga doir amaliy yechimlar muhokama qilindi.
Xalqaro ekspertlarning ma’ruzalari kadrlar tayyorlash va innovatsion texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar bilan tanishish, shuningdek kasbiy ta’lim tizimini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab olish imkonini berdi.
Konferensiya yakunlari bo‘yicha Akademiya tomonidan «El-yurt umidi» jamg‘armasi, AQSH Adliya vazirligining Tergov kadrlarini tayyorlashga ko‘maklashish xalqaro dasturi (ICITAP) ofisi bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ikki tomonlama memorandumlar imzolandi.
Konferensiya huquqni muhofaza qilish organlari uchun kadrlar tayyorlash sohasida ilg‘or tajriba almashish, zamonaviy chaqiriqlarni muhokama qilish va amaliy yechimlar ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.