Mahallalarda xavfsiz muhitni ta’minlash va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlarida faoliyat yuritayotgan mahalla xotin-qizlar faollari uchun sayyor o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda 70 nafarga yaqin xotin-qizlar faollari ishtirok etmoqda. Asosiy e’tibor ularning zamonaviy boshqaruv ko‘nikmalarini rivojlantirish, hududlarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash hamda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan.
O‘quv dasturi jinoyatlarni barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika, narkojinoyatlarga qarshi kurashish, ma’muriy-yurisdiksion faoliyat, amaliy psixologiya, muammoli sotsiologiya, raqamli savodxonlik va kibermadaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Shu bilan birga, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikning oldini olish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish, axloqqa qarshi jinoyatlarni barvaqt profilaktika qilish, murakkab ijtimoiy holatga tushgan xotin-qizlar bilan ishlash samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Mashg‘ulotlarda xotin-qizlar faollari faoliyatidagi korrupsion omillarni aniqlash va bartaraf etish, migratsiyadan qaytgan xotin-qizlarning ijtimoiy moslashuvi va reintegratsiyasi, oilaviy va ijtimoiy nizolarni tahlil qilish, shuningdek narkotik va psixotrop moddalarga moyil shaxslarni aniqlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar shakllantirilmoqda.
Shuningdek, faollarning faoliyatini rejalashtirish, manzilli profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirish va aholi bilan samarali muloqotni yo‘lga qo‘yishga alohida urg‘u berilmoqda.
O‘quv jarayoni yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, mashg‘ulotlarni muvaffaqiyatli tamomlaganlarga malaka oshirganligi to‘g‘risida sertifikatlar berilishi rejalashtirilgan.
Mazkur mashg‘ulotlar mahalla institutini mustahkamlash, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish va barqaror ijtimoiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.