Akademiya ISO 37001:2025 xalqaro aksilkorrupsiya standartiga muvofiqligini tasdiqladi

Akademiya ISO 37001:2025 xalqaro aksilkorrupsiya standartiga muvofiqligini tasdiqladi

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida xalqaro standartlarga muvofiq faoliyat yuritish borasida muhim bosqichni bosib o‘tdi.

Akademiya mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida yetakchi ilmiy-ta’lim muassasasi sifatida o‘tgan qisqa davrda o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy va xalqaro standartlarga mos bo‘lgan, korrupsiya tahdidlariga barqaror tura oladigan tizim joriy etildi.

Akademiyada korrupsiyaga qarshi kurashishning kompleks tizimi joriy etilib, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ichki siyosat, manfaatlar to‘qnashuvini bartaraf etish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni oldini olish, davlat xaridlarida shaffoflikni oshirish va boshqa shu kabi yo‘nalishlardagi 10 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar qabul qilindi.

Akademiyaning korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida “CERT International” tashkiloti tomonidan ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti bo‘yicha auditdan o‘tkazilib, joriy yilning 17-aprel kuni Akademiyaning odil sudlovni mustahkamlash sohasidagi o‘quv-uslubiy, ilmiy va ekspert-tahliliy faoliyatiga muvofiqlik sertifikatini topshirish marosimi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Komplayens xizmati, Bosh prokuratura, Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitalari, Hisob palatasi, Yoshlar parlamenti vakillari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, talabalari, doktorantlari, shuningdek Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) va boshqa hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Akademiyaga taqdim etilgan xalqaro sertifikat tizimda korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi samarali joriy etilgani, barcha jarayonlar shaffoflik, halollik va hisobdorlik tamoyillari asosida tashkil etilganini hamda xalqaro talablarga to‘liq javob berishini tasdiqlaydi.

ISO 37001:2025 sertifikati Akademiyada korrupsiya xavflarini aniqlash, baholash va bartaraf etish bo‘yicha tizimli yondashuv shakllanganini namoyon etib, boshqaruv jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat qiladi, xodimlarda halollik va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni mustahkamlaydi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va uni samarali boshqarish mexanizmlarini kuchaytiradi, xalqaro hamkorlar ishonchini oshiradi hamda ta’lim va ilmiy-tadqiqot faoliyatida zamonaviy komplayens talablarini joriy etish imkonini beradi.

Mazkur holat mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy natijasi bo‘lib, huquqni muhofaza qilish organlari tarkibidagi ixtisoslashtirilgan ilmiy-ta’lim muassasalarida zamonaviy komplayens tizimlarini joriy etish bo‘yicha ilg‘or namuna sifatida xizmat qiladi.

E’tiborlisi, Akademiya MDH davlatlari ichida ISO 37001:2025 xalqaro standarti bo‘yicha muvofiqlik sertifikatini olgan tashkilotlar orasida xalqaro IAF tashkilotining ro‘yxatiga kiritilgan birinchi tashkilot bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir davomida Akademiyada prokuratura organlarining Shaxsiy xavfsizlik tarmoqlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan “Komplayens xizmatini tashkil etish va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari” mavzusidagi maxsus malaka oshirish o‘quv kursi tinglovchilariga sertifikatlarni taqdim etish marosimi tashkil etildi.

Telegram Facebook