Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TİKA) hamkorligida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturi doirasida tashkil etilgan seminar-treningda ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining ta’lim muassasalari vakillari qatnashib, inson huquqlarini ta’minlash sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, xalqaro mexanizmlar va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish masalalari muhokama qildilar.
Xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha mexanizmlari, asosiy xalqaro pakt va konvensiyalar, shuningdek Yevropa inson huquqlari sudi qarorlarini ijro etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Akademiya vakillari O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va prokuror nazoratining asosiy vazifalariga bag‘ishlangan taqdimotlar bilan ishtirok etdilar.
Seminar yakunida inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashinuvini kuchaytirish va qo‘shma ta’lim hamda tadqiqot tashabbuslarini rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.