Toshkent shahri Yunusobod tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi rahbariyati tomonidan Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbir “Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikka qarshi kurash oyligi” doirasida tashkil etildi va yoshlar o‘rtasida narkotik tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirishga qaratildi.
Uchrashuv davomida giyohvandlikning salbiy oqibatlari, uning inson salomatligi, ijtimoiy barqarorlik va jamiyat xavfsizligiga ta’siri haqida ma’lumotlar berildi. Shu bilan birga, profilaktikaning zamonaviy yondashuvlari, xavf guruhlari bilan manzilli ishlash hamda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Xalqaro amaliyot, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyalariga muvofiq, narkotiklarga qarshi kurashishda profilaktika, xabardorlik va ta’lim ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, giyohvandlik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlik choralari tushuntirildi.
Tadbir yakunida talabalarning savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi hamda ochiq muloqot formatida fikr almashinuv bo‘lib o‘tdi.