Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bakalavr talabalari o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish va tarixiy xotiraga hurmatni mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston prokuraturasi tarixi muzeyida “Tarixiy xotira beqiyos” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir davomida qatag‘on yillarida nohaq sudlangan va o‘lim jazosiga mahkum etilgan prokuratura xodimlari xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini o‘rganish hamda prokuratura organlarining haqqoniy tarixini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga muzey ekspozitsiyasi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi va qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan hujjatli videofilm namoyish etildi.
Mazkur tadbir talabalarda tarixiy xotiraga ehtirom, kasbiy merosga sadoqat va ma’naviy mas’uliyat hissini mustahkamlashga xizmat qiladi.