O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan Toshkent shahrining Yashnobod, Shayxontohur va Bektemir tumanlaridagi mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari uchun sayyor o‘quv kursi davom etmoqda.
136 ta mahallada faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilari qamrab olingan mazkur o‘quv kursi hududlarda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va raqamli transformatsiya jarayonlariga moslashuvni jadallashtirishga qaratilgan.
O‘quv dasturi doirasida ishtirokchilarga jinoyatlarni barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika, narkojinoyatlarga qarshi kurashish, ma’muriy-yurisdiksion faoliyat, amaliy psixologiya, muammoli sotsiologiya, raqamli savodxonlik va kibermadaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlarda amaliy bilimlar berilayotir.
Shuningdek, mashg‘ulotlarda yoshlar o‘rtasida psixotrop va narkotik moddalar iste’molining oldini olish, yoshlar jinoyatchiligining o‘ziga xos jihatlari, nosog‘lom oilaviy muhitda tarbiyalanayotgan yoshlar bilan ishlash, yoshlar yetakchilari faoliyatidagi korrupsion xavflarni bartaraf etish, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ijtimoiy faolligi va volontyorlik harakatlarini rag‘batlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy profilaktikani amalga oshirishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlikni kuchaytirish, “otaliqqa olish” mexanizmlarini amaliyotga joriy etish hamda tarbiyasi og‘ir yoshlar bilan ishlashning samarali usullari yuzasidan aniq tavsiyalar berilmoqda.
Mashg‘ulotlar jarayonida ishtirokchilarning kasbiy kompetensiyalarini mustahkamlash, rahbarlik, tezkor qaror qabul qilish va raqamli muhitda samarali faoliyat yuritish ko‘nikmalarini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda.
O‘quv kursi yakunida ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, muvaffaqiyatli tinglovchilarga Akademiya tomonidan malaka oshirganlik sertifikatlari taqdim etiladi.
Mazkur sayyor o‘quv kursi mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarning oldini olish tizimi samaradorligini oshirish va yoshlar bilan ishlashning zamonaviy yondashuvlarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.