Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida respublika turkum olimpiadalari ta’sis etildi

Moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida respublika turkum olimpiadalari ta’sis etildi

Yoshlarda jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish sohasida tizimli bilim va amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, shuningdek eng salohiyatli kadrlarni aniqlash maqsadida moliyaviy xavfsizlik bo‘yicha respublika turkum olimpiadalari ta’sis etildi.

Olimpiadalar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkaziladi: iqtisodiy xavfsizlik, yurisprudensiya, xalqaro munosabatlar va axborot xavfsizligi.

Olimpiadada bakalavriat (1–3-kurs) va magistratura kunduzgi ta’lim shakli talabalari, shu jumladan chet el fuqarolari ishtirok etishlari mumkin.

Olimpiadalarning asosiy maqsadi – yoshlarning moliyaviy, huquqiy va axborot savodxonligini oshirish, tahliliy fikrlashni rivojlantirish, shuningdek mazkur sohada chuqur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega iqtidorli talabalarni aniqlashdan iborat.

Olimpiada uch bosqichda o‘tkaziladi:

dastlabki bosqich – har yili 15-aprelgacha;

saralash bosqichi – har yili 15-maygacha respublika miqyosida;

yakuniy bosqich – sentyabr-oktyabr oylarida.

Respublika bosqichi yakunlariga ko‘ra eng yuqori natijalarni qayd etgan 10 nafar ishtirokchi joriy yil sentyabr–oktyabr oylarida Rossiya Federatsiyasida o‘tkaziladigan “Moliyaviy xavfsizlik” bo‘yicha VI Xalqaro olimpiada finalida O‘zbekiston nomidan ishtirok etadi.

Olimpiadaning rasmiy tili – rus tili, ishchi tillari – rus, o‘zbek va ingliz tillaridir.

Telegram Facebook