O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi vakillari Lund universiteti (Shvetsiya) tomonidan POLCA («Markaziy Osiyoda huquqiy va davlat boshqaruvi sohasidagi islohotlarning siyosiy iqtisodiyoti») loyihasi doirasida tashkil etilgan xalqaro ilmiy seminarda ishtirok etdilar. Mazkur tadbir Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tdi.
Seminarda Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlarining 30 dan ortiq yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tahlil markazlari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirok etdilar.
Seminarning asosiy maqsadi huquq va davlat boshqaruvi sohasidagi tadqiqotlarning metodologik hamda nazariy asoslarini muhokama qilish, shuningdek ma’muriy islohotlar va mintaqaviy hamkorlik masalalari bo‘yicha ekspertlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida ishtirokchilar mahalliy va global tadqiqotlarning ijtimoiy-huquqiy tizimlar hamda iqtisodiy tahlilga ta’siri, tadqiqot etikasi va gender masalalari, huquq va davlat boshqaruvidagi zamonaviy ilmiy modellar va yondashuvlar, jamoatchilik ishtirokini ta’minlash, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish, qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, elektron hukumatni rivojlantirish hamda milliy institutlarning o‘rni kabi masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, ilmiy faoliyatning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, xalqaro nufuzli nashrlarda ilmiy maqolalarni tayyorlash va chop etish, shuningdek tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy metodologik yondashuvlar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirda ishtirok etish Akademiyaning xalqaro ilmiy hamkorligini mustahkamlashga, ilg‘or yondashuvlarni joriy etishga hamda qonunchilik va davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni samarali ta’minlashga xizmat qiladi.