Sotsiologiya va huquq: Akademiya ilmiy nashrlar tizimini-kengaytirmoqda

Sotsiologiya va huquq: Akademiya ilmiy nashrlar tizimini-kengaytirmoqda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ilmiy nashrlar tizimini izchil kengaytirmoqda: belgilangan tartibda Oliy attestatsiya komissiyasida “Sotsiologiya va huquq” nomli yangi ilmiy-amaliy jurnal ro‘yxatdan o‘tdi.

Mazkur jurnalning tashkil etilishi Akademiyada huquqiy ilm-fanni rivojlantirish va huquq hamda ijtimoiy jarayonlar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni chuqur o‘rganishga qaratilgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Yangi nashr huquqiy voqelikni ijtimoiy o‘lchov bilan uyg‘un holda kompleks tahlil qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, huquqiy islohotlarning jamiyatga ta’siri, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongi, davlat institutlariga bo‘lgan ishonch, shuningdek huquqbuzarliklarning ijtimoiy omillari va ularni oldini olish masalalarini qamrab oladi.

Jurnal doirasida yoshlar, oila, migratsiya, gender tenglik, ijtimoiy adolat va raqamli jamiyat kabi dolzarb yo‘nalishlar ham keng yoritiladi.

“Sotsiologiya va huquq” jurnali Akademiya ilmiy nashrlari tizimini boyitib, huquqshunoslar va ijtimoiy tadqiqotchilar o‘rtasidagi ilmiy muloqotni rivojlantirish, amaliy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqiy siyosat sohasida ilmiy asoslangan yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Ilmiy nashrlar tizimining kengayishi Akademiyaning mamlakatda huquqiy ilm-fan va amaliy tadqiqotlar markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi.

Telegram Facebook