Huquqni muhofaza qilish akademiyasida prokuratura organlari amaliyotiga integratsiya qilingan o‘quv jarayoni doirasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining tuman (shahar) prokurorlari, ularga tenglashtirilgan prokurorlar yordamchilari hamda viloyat prokuraturalari mahkama xodimlari uchun malaka oshirish kursi yakunlandi.
Kurs «Sudlarda davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlat mulkiga yetkazilgan zarar va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq nizolarni hal qilishda prokuror ishtirokining samaradorligini oshirish» mavzusiga bag‘ishlandi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida fuqarolik sudlarida davlat mulki bilan bog‘liq nizolar ko‘rilishida prokuror ishtirokining samaradorligini ta’minlash, sud qarorlari ijrosini tashkil etish mexanizmlari hamda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvlarni shakllantirish masalalari chuqur tahlil qilindi.
Shu bilan birga, soha mutaxassislari ishtirokida sud amaliyotida uchrayotgan muammolar atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqildi hamda ishtirokchilarga amaliy tushuntirishlar berildi.
Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholandi. Shuningdek, ular tomonidan amaliyotdagi muammolar tahlili asosida qonun hujjatlarini takomillashtirishga qaratilgan takliflar muhokama qilindi.