Akademiya xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda: Polsha universitetlariga tashrif

Akademiya xalqaro hamkorlikni kengaytirmoqda: Polsha universitetlariga tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi delegatsiyasi Polshaning Gdansk va Varshava universitetlariga tashrif buyurdi. Tashrifdan maqsad o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, qo‘shma ta’lim dasturlari va akademik almashinuvni rivojlantirish, shuningdek yuridik ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida tajriba almashishdan iborat bo‘ldi.

Tashrif dasturi Gdansk universitetidan boshlanib, universitet rektori, professor P.Stepnovskiy bilan uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralarda oliy ta’lim sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish va akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida Akademiya va Gdansk universiteti o‘rtasida akademik almashinuvga oid kelishuv imzolandi.

Shuningdek, ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor V.Laskovskiy, Huquq va boshqaruv fakulteti dekani V.Zalevskiy, xalqaro hamkorlik bo‘yicha dekan o‘rinbosari M.Vishovati hamda Gdansk mintaqaviy prokuraturasi vakili M.Shumaxer bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda jinoiy odil sudlov, kriminologiya va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohalarida qo‘shma tadqiqot va loyihalarni amalga oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, Akademiyaning iqtidorli talabalari uchun grantlar ajratish, akademik almashinuv va stajirovkalarni tashkil etish, shuningdek yuridik ta’limda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

Varshava universiteti Huquq va boshqaruv fakulteti rahbariyati bilan uchrashuvda strategik hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma loyihalar va akademik almashinuv dasturlarini amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tashrif doirasida delegatsiya universitetlarning infratuzilmasi, jumladan markaziy kutubxonalar, o‘quv auditoriyalari, sud imitatsiya xonalari, shuningdek barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish amaliyoti bilan tanishdi. Gdansk universitetining kriminalistika muzeyi hamda Varshava universiteti Markaziy kutubxonasi va uning tomida barpo etilgan Yevropadagi yirik yashil hiyobon ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Polsha Akademik almashinuvlar milliy agentligi (NAWA) rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazilib, akademik almashinuv, doktorantura, stajirovka va qo‘shma tadqiqot dasturlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif o‘zaro manfaatli va sermahsul muzokaralarga boy bo‘lib, xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi hamda muhim kelishuvlarga erishish imkonini berdi.

Telegram Facebook