O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida talabalarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va jismoniy tarbiyani rivojlantirish maqsadida Olimpiya va jahon chempionlari” bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari – boks bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, ikki karra Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori kapitan Bektemir Meliqo‘ziyev hamda taekvondo bo‘yicha xalqaro toifadagi sport ustasi, Universiada g‘olibi, jahon chempioni, Osiyo o‘yinlari sovrindori katta leytenant Dmitriy Shokin ishtirok etdilar.
Uchrashuv davomida sportchilar o‘zlarining sportdagi faoliyat yo‘li, erishgan yutuqlari, xizmat va sportni uyg‘un olib borish tajribasi haqida so‘zlab berdilar. Shuningdek, sport va jismoniy tarbiyaning inson hayotidagi o‘rni, intizom va matonatni shakllantirishdagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tadbir ochiq va samimiy muhitda o‘tdi, talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga bevosita javob olish imkoniga ega bo‘ldilar.
Bunday uchrashuvlar talabalarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga hamda kelgusidagi xizmat faoliyatida zarur bo‘lgan shaxsiy sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi.