O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tomonidan “Oriyent Finans” xususiy aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikda bank komplayens bo‘linmasi xodimlari uchun jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan malaka oshirish o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminar doirasida ishtirokchilarga milliy qonunchilik normalari, xalqaro FATF standartlari talablari, moliyaviy operatsiyalardagi xatarlar, sanksiyaviy cheklovlar hamda shubhali operatsiyalarni aniqlash mezonlari yuzasidan tizimli bilimlar taqdim etildi. Alohida e’tibor bank amaliyotida uchraydigan kamchiliklar va ularni bartaraf etish mexanizmlariga qaratildi.
O‘quv jarayoni nazariya bilan cheklanib qolmay, xalqaro standartlarni milliy amaliyotga tatbiq etish, tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni kuchaytirish va mijozlarni lozim darajada o‘rganish masalalari real keyslar asosida tahlil qilindi. Muhokamalar ochiq muloqot va savol-javob formatida tashkil etildi.
Seminarda Markaziy bank, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi hamda “Uzumbank” AJ mutaxassislari ishtirok etib, sohadagi ilg‘or tajriba va amaliy yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Yakunda ishtirokchilar ichki nazorat tizimini samarali tashkil etish, xavflarni baholash, shubhali operatsiyalarni tahlil qilish va komplayens madaniyatini mustahkamlash bo‘yicha aniq amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Tadbir yakunida ta’kidlanganidek, mazkur hamkorlik moliya sektorida qonun ustuvorligi, shaffoflik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan tizimli sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.