Prokuratura amaliyoti bilan uyg‘unlashgan ta’lim: davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash va sud qarorlari ijrosi masalalari markazda

Prokuratura amaliyoti bilan uyg‘unlashgan ta’lim: davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash va sud qarorlari ijrosi masalalari markazda

Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Ixtisoslashtirilgan prokurorlar korpusining tuman (shahar) prokurorlari va ularga tenglashtirilgan prokurorlar yordamchilari hamda viloyat prokuraturalari mahkama xodimlari uchun “Sudlarda jinoyat ishlari ko‘rilishida davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlash hamda sud qarorlari ijrosini ta’minlashda prokuratura organlarining roli” mavzusidagi malaka oshirish kursi yakunlandi.

O‘quv jarayonida davlat ayblovini qo‘llab-quvvatlashning amaliy jihatlari, sud qarorlari ijrosini ta’minlashning samarali mexanizmlari hamda huquqni qo‘llash amaliyotida yagona yondashuvlarni shakllantirish masalalari chuqur tahlil qilindi.

Shuningdek, amaliyotda uchrayotgan muammolar atroflicha ko‘rib chiqilib, ularni hal etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi. Mashg‘ulotlar amaliy keyslar, tahlil va ochiq muloqot shaklida tashkil etildi.

Kurs yakunida tinglovchilarning bilim va ko‘nikmalari baholanib, ular tomonidan amaliyotdagi muammolar tahlili asosida qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan takliflar ko‘rib chiqildi.

Mazkur o‘quv dasturi prokuratura organlari faoliyatida samaradorlikni oshirish, yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash va sud qarorlari ijrosi mexanizmlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Telegram Facebook