Fidokorona xizmat va vatanparvarlik an’analariga bag‘ishlangan uchrashuv

Fidokorona xizmat va vatanparvarlik an’analariga bag‘ishlangan uchrashuv

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Inson qadri aziz, xotira muqaddas” mavzusida faxriylar va talaba-yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni Vatanga sadoqat, milliy va ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, tarixiy xotirani asrab-avaylash, shuningdek huquqni muhofaza qilish sohasida shakllangan kasbiy an’analar va xizmat vorisiyligini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Uchrashuv davomida Akademiya faxriylari tomonidan yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, fidokorona xizmat va xalq manfaatlariga sadoqat kabi yuksak qadriyatlarning mazmun-mohiyati xususida fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik, yuksak mas’uliyat va daxldorlik hissi asosida tarbiyalash, mamlakat taraqqiyoti va jamiyat xavfsizligini ta’minlashda har bir xodimning shaxsiy mas’uliyatini anglash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Faxriylar o‘zlarining ko‘p yillik xizmat faoliyati va hayotiy tajribalari bilan o‘rtoqlashar ekan, huquqni muhofaza qilish organlarida shakllangan professional maktab, xizmat intizomi va kasbga sadoqat an’analarini saqlash hamda ularni kelgusi avlodga yetkazish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Tadbir doirarsida talaba-yoshlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javoblar berilib, ochiq va samimiy muloqot muhiti shakllandi.

 

Telegram Facebook