Yoshlar tarbiyasida tarixiy xotira va vatanparvarlik g‘oyalari mustahkamlanmoqda

Yoshlar tarbiyasida tarixiy xotira va vatanparvarlik g‘oyalari mustahkamlanmoqda

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari uchun navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirdan ko‘zlangan maqsad yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat, tarixiy xotiraga hurmat, inson qadrini ulug‘lash, mehr-oqibat va fidoyilik kabi ezgu fazilatlarni yanada mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Tadbir doirasida talabalarning «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasi hamda «Shon-sharaf» davlat muzeyiga tashrifi tashkil etildi. Tashrif davomida ular o‘zbek xalqining Ikkinchi jahon urushi yillaridagi shonli tarixi, front va front ortida ko‘rsatgan jasorati, matonati va qahramonliklari bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, talabalar uchun «Shon-sharaf» davlat muzeyi mas’ul xodimi, Mudofaa vazirligining iste’fodagi ofitseri, zaxiradagi podpolkovnik A.Rahimov bilan uchrashuv tashkil etildi. Uchrashuvda Ikkinchi jahon urushi yillarida xalqimizning g‘alabaga qo‘shgan hissasi, tinchlik va barqarorlikning qadri, shuningdek mamlakatimizda mudofaa va xavfsizlik sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida fikr yuritildi.

Tashrif yakunida muzeyning anjumanlar zalida talabalarga «Ilhaq» badiiy filmi namoyish etildi.

Mazkur tadbir yosh avlod qalbida bugungi tinch va osoyishta hayot, musaffo osmon hamda barqarorlikning bebaho ne’mat ekanini chuqur anglash, ularni asrab-avaylash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini singdirishga xizmat qildi.

Akademiyada bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni tizimli va doimiy ravishda tashkil etish davom ettiriladi.

Telegram Facebook