O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi The World University Rankings for Innovation (WURI) 2026 xalqaro reytingi natijalariga ko‘ra dunyoning yetakchi innovatsion universitetlari qatoridan joy oldi.
Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarining innovatsiyalarni rivojlantirish, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’limni joriy etish, ilmiy ishlanmalarni real hayotga tatbiq qilish hamda jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini baholovchi nufuzli xalqaro reytinglardan biri hisoblanadi.
Baholash natijalariga ko‘ra, Akademiya WURI 2026 reytingida “Talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning faolligini oshirish” hamda “Ishlanmalarning amaliy qo‘llanilishi” yo‘nalishlari bo‘yicha dunyoning TOP-100 universitetlari qatoridan o‘rin oldi.
2026-yilda reyting doirasida dunyoning yetakchi universitetlari tomonidan taqdim etilgan 4 866 ta keys baholandi. Akademiya tomonidan taqdim etilgan loyihalar xalqaro ekspertlar hamjamiyati tomonidan yuqori baholanib, amaliyotga yo‘naltirilgan ta’lim, ilmiy natijalarni amaliyotga tatbiq etish va huquqni muhofaza qilish faoliyatiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish borasida samarali tajriba sifatida e’tirof etildi.
Ushbu natija Akademiyada kadrlar tayyorlash tizimini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ta’lim jarayonini amaliyot bilan uzviy bog‘lash, talabalar va tinglovchilarning tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy-amaliy ishlanmalarni huquqni muhofaza qilish sohasi ehtiyojlariga yo‘naltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasini namoyon etadi.
WURI 2026 reytingidagi mazkur e’tirof Akademiyaning xalqaro ta’lim va ilmiy makondagi nufuzi ortib borayotganini, shuningdek huquqni muhofaza qilish sohasi uchun raqobatbardosh, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlarni tayyorlashga qaratilgan islohotlar izchil natija berayotganini tasdiqlaydi.