Xalqaro ilmiy-ta’lim ko‘rgazmasi: moliyaviy tergov, raqamli vositalar va Akademiya talabalarining amaliy yutug‘i

Xalqaro ilmiy-ta’lim ko‘rgazmasi: moliyaviy tergov, raqamli vositalar va Akademiya talabalarining amaliy yutug‘i

Joriy yilning 13–14-may kunlari Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-uslubiy markazi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi hamda Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro tarmoq institutiga a’zo oliy ta’lim muassasalari ishtirokida «Obrazovaniye i karera v sfere POD/FT» xalqaro ilmiy-ta’lim ko‘rgazmasi o‘tkazildi.

Tadbir davomida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash, mazkur yo‘nalishda kadrlar tayyorlash hamda oliy ta’lim muassasalarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida o‘qitilayotgan o‘quv modullari, mavzular va kasbiy kompetensiyalar yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.

Ko‘rgazma doirasida Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-uslubiy markazi, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha Xalqaro tarmoq institutiga a’zo oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari tomonidan moliyaviy tergov, moliyaviy xavfsizlik, sun’iy intellektdan foydalanishning huquqiy asoslari, firibgarlik sxemalari va pul mablag‘larini legallashtirishning evolyutsion usullariga bag‘ishlangan master-klass va treninglar o‘tkazildi.

Amaliy mashg‘ulotlar doirasida «Grafus» dasturi orqali jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish holatlari bo‘yicha moliyaviy tergov olib borishga qaratilgan musobaqa o‘tkazildi. Unda Huquqni muhofaza qilish akademiyasi talabalari jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, «Pul mablag‘larini legallashtirishning evolyutsion sxemalari» mavzusida tashkil etilgan o‘quv mashg‘uloti va kvizda Akademiya talabalari yuqori natijalarga erishdi. Jumladan, 3-kurs talabasi Amaliddin Raimkulov 2-o‘rinni, 1-kurs talabasi Fazliddin Baxodirov esa faxrli 3-o‘rinni egalladi.

Tadbir yakunida Moliyaviy monitoring bo‘yicha xalqaro o‘quv-uslubiy markazi va Huquqni muhofaza qilish akademiyasi o‘rtasida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda terrorizmni moliyalashtirish holatlari bo‘yicha moliyaviy tergov olib borishda «Grafus» dasturidan bepul foydalanish yuzasidan kelishuv imzolandi.

Mazkur tadbir moliyaviy xavfsizlik sohasida xalqaro ta’lim va amaliy hamkorlikni rivojlantirish, talabalarning kasbiy ko‘nikmalarini mustahkamlash hamda huquqni muhofaza qilish faoliyatida zamonaviy raqamli vositalardan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Telegram Facebook