O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi kutubxona fondi Akademiya hamkori – AQSHning Shimoliy Jorjiya universiteti professori doktor Murti Rallapallining «Cyber Security and Ethics» («Kiberxavfsizlik va etika») nomli kitobi bilan boyitildi.
Mazkur nashr kiberxavfsizlik, axborot xavfsizligi, ma’lumotlar maxfiyligi, raqamli muhitda mas’uliyatli qaror qabul qilish hamda texnologiyalardan foydalanishda etik yondashuvlarni shakllantirish kabi dolzarb masalalarga bag‘ishlangan.
Doktor Murti Rallapalli kiberxavfsizlik va texnologiyalar sohasida katta amaliy tajribaga ega mutaxassis hisoblanadi. U CISSP sertifikatiga ega bo‘lib, faoliyati davomida ma’lumotlar xavfsizligi, maxfiylik va zamonaviy raqamli texnologiyalar yo‘nalishlarida ilmiy-amaliy faoliyat olib borgan. Shuningdek, u axborot xavfsizligi sohasidagi texnik yechimlar va nashrlar muallifi sifatida ham tanilgan.
«Cyber Security and Ethics» kitobi raqamli tahdidlar kuchayib borayotgan sharoitda kiberxavfsizlik, etika, maxfiylik va kasbiy mas’uliyat o‘rtasidagi bog‘liqlikni amaliy yondashuv asosida yoritadi. Nashr talabalar, tinglovchilar, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun kiberxavfsizlik, raqamli kriminalistika, axborot xavfsizligi hamda raqamli etika yo‘nalishlarida foydali ilmiy-amaliy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu kitobning Akademiya kutubxona fondiga kiritilishi xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, ta’lim jarayonini zamonaviy xorijiy manbalar bilan boyitish hamda raqamli xavfsizlik sohasida kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan ishlarning amaliy ifodasidir.